Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yigʻilishda suv taʼminoti korxonalarining moliyaviy barqarorligi va sohadagi investitsiya muhitini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi. Ichimlik suvi va kanalizatsiyani rivojlantirish uchun 1,3 mlrd dollarlik yangi dastur tayyorlanmoqda.
Tarif tizimi qayta quriladi
Ichimlik suvi ishlab chiqarish va isteʼmolchiga yetkazishni ajratish, hududiy korxonalarni yagona ulgurji tarif boʻyicha suv bilan taʼminlaydigan markaziy kompaniya tashkil etish taklif qilindi. Idoralararo tarif komissiyasi tuziladi; davlat tashkilotlari uchun yagona tarif 2027-yil 1-apreldan kuchga kirishi kutilmoqda.
Aqlli suv boshqaruvi
Hisob-kitob toʻliq onlayn shaklga oʻtkaziladi, shaharlarda masofadan maʼlumot uzatuvchi hisoblagichlar oʻrnatiladi. SCADA, GIS va telemetriya tizimlari yordamida suv yoʻqotishlari 35 foizdan 25 foizga kamaytirilishi, sunʼiy intellekt asosidagi loyihalar ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
2017-yildan buyon sohaga jalb qilingan investitsiyalar qariyb oʻn baravar oshib, 2,7 mlrd dollarga yetdi; markazlashgan suv taʼminotidan foydalanuvchilar ulushi 63 foizdan qariyb 83 foizga koʻtarildi. Shaharlarda ichimlik suvi bilan qamrovni 90 foizga, kanalizatsiyani 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.