Oʻzbekistonning uch yillik moliyaviy strategiyasi sanoat salohiyatini oshirish, yuqori texnologiyali investitsiyalar va qoʻshilgan qiymat ulushini koʻpaytirishga qaratilgan. Sanoat ishlab chiqarishining yillik oʻrtacha oʻsishi 6,5–7 foiz boʻlishi kutilmoqda.
Metallurgiya va avtomobilsozlik
Navoiy kon-metallurgiya kombinati jami 1,2 mlrd dollarlik beshta, Olmaliq KMK esa 2,5 mlrd dollarlik toʻrtta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Yengil avtomobillar ishlab chiqarishni 50 foizga oshirib, yiliga 700 mingtaga yetkazish koʻzda tutilgan — bu butlovchi qismlar, logistika va taʼminot zanjirida yangi hamkorlik imkoniyatlarini anglatadi.
Elektrotexnika va energetika
Jami 3,3 mlrd dollarlik 121 ta yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatini tashkil etish, mis qayta ishlashni 145 ming tonnadan oshirish rejalashtirilgan. 2028-yilgacha 11,7 GW qoʻshimcha quvvat ishga tushiriladi: 5,4 GW shamol, 2 GW quyosh, 3,7 GW zamonaviy issiqlik elektr stansiyalari va 560 MW energiya saqlash tizimlari.